Xalqaro Nordik universitetida fin delegatsiyasi bilan uchrashuv press-relizi

2025-04-08

Joriy yilning 9-aprel kuni Xalqaro Nordik universitetiga Nordik davlatlari parlamentlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Parlamentlararo Ittifoqning ilk marotaba Markaziy Osiyoda – poytaxtimiz Toshkentda o‘tkazilgan 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etgan Nordik davlatlari: Finlandiya, Shvesiya, Daniya, Norvegiya va Islandiyadan kelgan parlament a’zolari Finlandiya bilan hamkorlikdagi Nordik universiteti bilan yaqindan tanishdilar.  


Xalqlarimizni bir-biri bilan bog‘lovchi mustahkam do‘stlik ko‘prigi sifatida vakillik diplomatiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan, yurtimizda Nordik davlatlari parlamentlarining eng yaxshi an’ana va ilg‘or tajribalarini almashish, o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirishdek sharafli vazifalarni bajarib turgan 30 nafar nufuzli mehmonlar universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan ehtirom bilan munosib kutib olindi.  


Delegatsiya a’zolari Nordik universitetida namoyish etilayotgan, Finlandiya hukumati tomonidan taqdim etilgan tarixiy ahamiyatga molik ko‘rgazma – buyuk fin sayyohi, davlat va jamoat arbobi Karl Gustaf Emil Mannergeym fotosuratlari bilan tanishtirildilar. 1906-1908 yillarda Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Osiyo orqali Turkistondan Pekinga sayohat davrida olingan, sharq xalqlarining mehnat va bayramlargacha hayoti keng tasvirlangan ko‘rgazma orqali mehmonlar qadim madaniyatimizga g‘oyibona sayohat qildilar.  


Mehmonlar Nordik universitetida Navro‘z va bahor sayli shukuhi, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, mehmondo‘stlik an’analarimizdan bahramand bo‘ldilar. Tandirdan ko‘k somsalar mehmonlar uchun issiq uzilib, tortiq etildi. Bahoriy va milliy taomlar, xalqimizga xos noz-ne’matlar bilan mehmon qilindi. Mehmonlarga o‘zbekona do‘ppi, qiyiq, milliy liboslarimiz va esdalik sovg‘alari tuhfa etilishi ularni behad quvontirdi.


Ayniqsa, “Nordik taronasi” ansambli ijrosidagi yevropa va milliy estrada kuy-qo‘shiqlari guldastasi mehmonlarga o‘zgacha hayrat bag‘ishladi va beixtiyor raqsga chorladi.  


Ushbu tashrif nafaqat diplomatik aloqalarni mustahkamladi, balki madaniy hamkorlik uchun ham keng yo‘l ochdi. Boisi Assambleya arafasida parlament vakillari Nordik universiteti prorektori Nuriddin Murodullayev boshchiligida qadimiy Samarqand shahrining tarixiy manzillari va yodgorliklari bilan ham tanishishga muvaffaq bo‘ldilar.


Tashrif yakunida nufuzli delegatsiya Nordik Dil izhorlari kitobiga o‘z taassurotlari, minnatdorchilik va iliq fikrlarini yozib qoldirdilar.