“TasIMO-2025” ikkinchi bosqichi press-relizi
Joriy yilning 23 fevral kuni Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi (TasIMO)ning ikkinchi bosqichi 14 ta ma’muriy hudud markazlarida offlayn tarzda yuqori darajadagi intellektual bellashuv sifatida o‘tkazildi.
Xalqaro Nordik universiteti, IDC (Intelligence Development Center) ta’lim markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan 3 bosqichli nufuzli musobaqa yurtimizda yosh matematiklar o‘rtasida xalqaro miqyosda sog‘lom raqobatni boshlab berdi. Bu ezgu tashabbus zamirida ilm-fan taraqqiyoti, ijtimoiy va ma’rifiy samaradorlik va yoshlarning muvaffaqiyatiga xizmat qilish kabi maqsadlar mujassam. Shuningdek, o‘quvchilarning tadqiqotlar, innovatsiyalarga qiziqishlarini oshirish, analitik hamda mantiqiy fikrlashlarida zarur ko‘nikmalarni rivojlantish, masalalarga tezkor va to‘g‘ri yechimlar taklif etish qobiliyatlarini oshirib borish ko‘zda tutildi.
“TasIMO-2025”ning 2024 yil 14-15-dekabr kunlari o‘tkazilgan birinchi onlayn bosqichida respublikamiz hududlaridan ro‘yxatdan o‘tganlar soni 500 000 nafarni tashkil qildi. Keng qamrovda o‘tkazilgan olimpiadada 66 191 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. 3-11-sinflar doirasida 2 983 nafar yosh matematiklar 50 balldan yuqori to‘plab, birinchi 50 talik orasidan joy oldilar. Saralab olingan talabgorlar ikkinchi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya qilindilar. Ikkinchi bosqichda qatnashayotganlar soni bo‘yicha hududlar kesimida birinchi o‘rin Namangan viloyatiga to‘g‘ri keldi. Eng ko‘p ishtirokchi-bilimdonlar 3-sinflar kesimida qayd etildi. Ikkinchi bosqichga tavsiya etilganlarning eng ko‘pini esa 4-sinf o‘quvchilari tashkil etdi.
Olimpiadaning ikkinchi bosqichini oflayn o‘tkazishda ishtirokchi-talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida 14 ta ma’muriy hudud markazlaridagi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, maktab va o‘quv markazlar bilan hamkorlik o‘rnatildi. Ota-onalari, ustozlari hamrohligida kelgan o‘quvchilar olimpiada jamoasi tomonidan e’tibor bilan kutib olindi. Barcha ishtirokchilarga olimpiada dasturi, musobaqada ishtirok etganliklarini eslatuvchi maxsus atributlar tuhfa qilindi.
Imtihon avvalida ikkinchi bosqichga yetib kelgan yosh bilimdonlar samimiy qutlandilar va ularga omadlar tilandi. Bu bellashuv matematik bilim egalarining iqtidorini jamiyat rivoji yo‘lida safarbar etishda qo‘l kelishi va haqiqiy bilim egalari kashf etilishiga ishonch bildirildi.
TasIMOning ikkinchi bosqichiga barcha hududlarda bir vaqtda - 10:00 da start berildi. Olimpiada jarayonini qiziqarli va ishtirokchilarni rag‘batlantiruvchi amallar bilan yuqori saviyada o‘tkazish uchun tashkilotchilar tomonidan barcha sa’y-harakatlar amalga oshirildi. 1-smenada 5, 6, 7 va 8-sinflar, 2-smenada 3, 4, 9, 10 va 11-sinflar o‘quvchilarining topshiriqlarni bajarish jarayonlari kameralar bilan jihozlangan xonalarda hakamlar kuzatuvi ostida teng sharoitda, shaffof tashkil etilib, reglamentga ko‘ra 2 soat davom etdi. Musobaqalar yosh matematiklardan katta bilim va mahorat talab etdi. Bilimdonlar belgilangan vaqt mobaynida misol va topshiriqlar yechimi ustida ishladilar. O‘quvchilarning yaqinlariga jarayonlarni kuzatishlari uchun imkoniyat yaratib berildi.
Olimpiadadan so‘ng ishtirokchi-o‘quvchilarga topshiriqlarning yechimlari bilan tanishish imkoniyati ham yaratildi.
Olimpiadaga tayyorgarlik katta hajmdagi bilim va amaliyotni talab qiladi. Shu bois telegram ijtimoiy tarmog‘ida olimpiadaning rasmiy sahifasi tashkil etilib, IDC ta’lim markazi, Qorako‘l ziyo o‘quv markazlarining tajribali ustozlari tomonidan onlayn darslar o‘tkazib borildi, sinflar kesimida test topshiriqlari joylab turildi. Bu esa ishtirokchilarda matematik fikrlash va umumiy masalalarni to‘g‘ri yechish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam berdi. Ayni paytda mazkur ezgu ishlar davom ettirilmoqda.
Ushbu xalqaro bellashuv matematik bilim egalarining iqtidorini kelgusida jamiyat rivoji yo‘lida safarbar etishda qo‘l keladi. Olimpiada kelajak egalarining aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini erta aniqlash, yosh iqtidor egalarini kashf qilish, umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni har tomonlama komil inson qilib tarbiyalash, keng mushohadalilik, tahliliy va mantiqiy tafakkur yuritish qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadlarida har yili an’naviy tarzda o‘tkazib boriladi.