Navro'z umumxalq bayrami press-relizi

2025-03-21

Xalqaro Nordik universitetida sharqona yangi yil – Navro‘z umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z” ezgu shiori ostida keng nishonlandi.


Tabiat uyg‘onib, yasharish va yangilanish shukuhi, ko‘klam nafasi kezayotgan tarovatli damlarda universitet hududi bahoriy bezaklar bilan milliyligimizga xos bezatildi. Nordik jamoasi nafis ayyomni o‘zbekona kiyimlarda, o‘zaro birdamlikda mehmondo‘stlik ruhi bilan kutib oldilar. 


“Uzbekistan Trek-2025” dasturi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Garvard universiteti magistratura mutaxassisliklari talabalari va ilmiy tadqiqotchilari jamoa tomonidan munosib kutib olindi.


Nordik universiteti rahbariyati anjuman qatnashchilari va Garvard universitetidan tashrif buyurgan mehmonlarni bayram bilan tabrikladilar, samimiy tilaklarini bildirdilar.


"Nordik taronasi" ansambli aʼzolari va o‘qituvchilar - “European stars” xalqaro tanlovi g‘olibi Charos Ahmedova, “Nihol” mukofoti sovrindori, “Ovoz” xalqaro musiqiy shousining iqtidorli ishtirokchisi, mohir xonanda, maqom ijrochisi Zarnigor Umarova hamda boshqa sohir ovoz sohiblari anjuman qatnashchilarini o‘z san’atlaridan bahramand etdilar. Iste’dodli xonandalarning ijrolarini mehmonlar ham sevib tingladilar va dildan o'ynab-kuldilar. 


Navro‘zning o‘lmas ruhi, umumbashariy va boqiy qadriyatlaridan nurafshon bayramda turli mamlakatlar vakillari bo‘lgan xorijiy mehmonlar universitet hududi bo‘ylab saylga taklif etildi. Yurtimizning turli voha va viloyatlariga xos milliy noz-ne’matlar, bahoriy taomlar bilan bezatilgan dasturxonlar, xalq amaliy san’ati, hunarmandchilik buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmalari katta qiziqish hamda hayrat bilan tomosha qilindi. 


Qozonlar to‘ladigan, qut-baraka tantana qiladigan Navro‘z kunida zamonlar osha bezavol yashab kelayotgan “qozon to‘la” udumi namoyish etildi. Kecha-kunduz qaynab pishgan sumalak ochildi va suzildi. Somsalar yopilib, tandirlar boshida mehmonlarga issiq holda uzilib, taqdim etildi. O‘zbekona palov damlanib, mehmonlarga tortiq qilindi. 


Bayram davomida mehmonlar ishtirokida milliy o‘yinlar tashkil etildi. Arqon tortish, besh tosh va boshqa o‘yinlarda qiziqish bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, xotin-qizlar o‘sma va xina qo‘yish udumlarini o‘tkazdilar. Tinch, musaffo osmon bo‘ylab varraklar uchirildi.


Garvard universitetidan tashrif buyurgan mehmonlar ajoyib bayram va mehmondo‘stlik uchun Nordik universitetiga o‘z tabrik hamda minnatdorchiliklarini izhor etdilar. Ularga yurtimizni eslatuvchi sovg‘a sifatida milliy liboslar taqdim qilindi. 


Turli millat vakillari bo‘lgan nufuzli delegatsiya a’zolari o‘zbekona urf-odat va an’analarimizni ko‘rib, milliy o‘yinlarimiz, udumlarimizda bevosita ishtirok etib, Navro‘z ayyomining bahoriy yuksak kayfiyatda nishonlanishiga guvoh bo‘ldilar. Mehmonlar o‘zlarining unutilmas taassurotlarini Nordik “Dil izhorlari” kitobiga yozib qoldirdilar.