Foundation kursi ilk bitiruvchilarini taqdirlash tadbiri press-relizi

2025-03-26

Joriy yilning 26-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik litseyi Foundation dasturining ilk qaldirg‘och - bitiruvchilariga Sertifikat topshirish marosimi o‘tkazildi.


JIDU, Xalqaro Nordik universiteti va Finlandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasidagi "Foundation" maktabining fin taʼlim tajribalariga asoslangan xalqaro dasturini 32 nafar tinglovchi-o‘quvchilar muvaffaqiyatli tamomladilar. Anjumanda so‘z olgan maktab va oliygoh rahbariyati, ustozlar, ota-onalar bitiruvchi-yoshlarni ushbu yutuqlari bilan samimiy qutlab, kelgusida nufuzli xorijiy universitetlarda muvaffaqiyatli taʼlim olishlariga ishonch bildirdilar.


Shundan so‘ng bitiruvchilarga respublikamiz qonunchiligiga muvofiq "Foundation" maktabini muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risida belgilangan namunadagi qo‘shma Sertifikatlar taqdim etildi. Mazkur iqtidorli yoshlar Finlandiyaning Kareliya universitetiga o‘qishga kirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldilar.


Foundation dasturida taʼlim olish davomida o‘quvchilar o‘z kelajaklarini istiqbolli qurishda qo‘l keladigan zamonaviy bilimlarni egallab, talabalik sari ishonchli qadam qo‘ydilar. Iqtisodiyot, Pedagogika, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari, Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) kabi zamonaviy yo‘nalishlar talabasi bo‘lish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar poydevoriga ega bo‘ldilar. Fanlarni yuqori ko‘rsatkichlar bilan o‘zlashtirgan bitiruvchilarni esa yanada istiqbolli kelajak - bakalavr bosqichi uchun grantlar, Xalqaro Nordik universiteti, Karelia universiteti talabasi bo‘lish imkoniyati kutmoqda!


Maʼlumot o‘rnida, Foundation dasturi ishlab chiqilishiga Xalqaro Nordik universiteti, Finlandiyaning Karelia amaliy fanlar universitetining professor-o‘qituvchilari, taʼlim ekspertlari jalb qilingan. Litsey bazasida zamonaviy taʼlim yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlar asosida o‘qitiladigan guruhlar tashkil etilgan.


Karelia universiteti Prezidenti Petri Raivo Foundation dasturi doirasida o‘quvchi-yoshlar huzuriga bir necha bor tashrif buyurib, master-klass, erkin muloqotlar tashkillandi. Uchrashuvlarda o‘quvchilar Karelia universiteti grantlari, fin taʼlim tizimining o‘ziga xosliklari va afzalliklari bilan keng tanishtirib borildi. Shuningdek, Karelia universiteti talabasi, dastur koordinatori Otabek Mahmudov Finlandiyada talabalarga yaratilgan sharoitlar, xorijiy talabalar bilishi muhim bo‘lgan zarur tartiblar, samarali yechimlar, fin tilini o‘rganishning ahamiyati haqida o‘z hayotiy bilimlarini yetkazgan.

Muhimi o‘quvchilarning Finlandiyaga, xususan, Karelia amaliy fanlar universitetiga tashriflari uyushtirildi. Ularning taʼlim safari davomida fin taʼlim jarayonlari, Finlandiyadagi o‘zbek talabalarining hayoti bilan bevosita tanishishlariga imkoniyat yaratildi.