Raqamli ta’limda aqlli ta’lim sari: Nordikda AI davrida taʼlimning yangi modeli taqdim etildi

Raqamli ta’limda aqlli ta’lim sari: Nordikda AI davrida taʼlimning yangi modeli taqdim etildi

September 04 , 2026

|

186

Nordikda raqamli platformalar, HEMIS va sun’iy intellekt imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Professor-o‘qituvchilarning zamonaviy raqamli vositalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, ta’lim jarayonini ma’lumotlarga asoslangan holda boshqarish, ilmiy faoliyatni yangi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari amaliy va tahliliy ruhda muhokama qilindi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayevning AI bo‘yicha mazmunli taqdimoti seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Taqdimotda sun’iy intellekt oliy ta’limning mazmuni, pedagogik yondashuvlari, baholash mezonlari va ilmiy tadqiqot madaniyatini qayta ko‘rib chiqishga undayotgan transformatsion omil sifatida talqin qilindi. AI — professor-o‘qituvchining intellektual imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita ekanligi qayd etildi.

AI va inson o‘rtasidagi munosabatni “kuchaytirish” modeli, ya’ni, sun’iy intellekt ma’ruza matni, o‘quv materiali, test, tahlil, tarjima, ilmiy izlanish va ma’muriy vazifalarni tayyorlashda vaqtni tejashi mumkinligi, biroq yakuniy qaror, pedagogik mas’uliyat, tanqidiy fikrlash va akademik halollik inson zimmasida qolishi taʼkidlandi.


Bu yondashuv professor-o‘qituvchining rolini ham o‘zgartiradi: bilimning yagona manbai bo‘lishdan — o‘quv jarayonini loyihalovchi, mentor, fikrlash jarayonini verifikatsiya qiluvchi va AI’dan foydalanishni tanqidiy boshqaruvchi mutaxassisga aylanish talab etiladi.

Taqdimotda qayd etilganidek, AI’ning oliy ta’limdagi eng ustuvor imkoniyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
individual va adaptiv ta’lim — talabaning ehtiyoji, tayyorgarligi va o‘zlashtirish sur’atiga mos yondashuv;

professor-o‘qituvchi vaqtini optimallashtirish — o‘quv materiallari, topshiriqlar, testlar va dastlabki tahliliy ishlarni tayyorlashni tezlashtirish;

ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash — adabiyotlarni tahlil qilish, ilmiy g‘oyalarni shakllantirish, IMRAD tuzilmasini takomillashtirish, grant imkoniyatlarini izlash;

ta’lim sifatini tahlil qilish — katta hajmdagi ma’lumotlardan foydalanib, talabaning o‘zlashtirishi va ta’lim jarayonidagi tendensiyalarni aniqlash;

ijodkorlik va innovatsiyani kuchaytirish — simulyatsiya, interaktiv topshiriq, vizual material va yangi ta’lim formatlarini yaratish;

ilmiy va akademik kommunikatsiyani yengillashtirish — tarjima, akademik tahrir, xalqaro nashrlarga tayyorgarlik;

raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish — talabani tayyor javob oluvchi emas, AI bilan samarali ishlay oladigan va uning natijasini tanqidiy baholaydigan mutaxassis sifatida shakllantirish.

Treningdan iqtiboslar: “Sun’iy intellekt professor-o‘qituvchini almashtirmaydi. Lekin sun’iy intellektdan foydalana oladigan professor-o‘qituvchilarga ustuvorlik beriladi.

Yangi davrda AI kompetensiyasi professor-o‘qituvchining kasbiy raqobatbardoshligining muhim mezoniga aylanadi. Talabalar
LLM vaqti, yaʼni sun’iy intellekt tizimlari uchun emas, ustoz vaqti uchun to‘lov qiladi.

Talaba uchun yaratiladigan qiymat — tayyor AI javobi emas, professor-o‘qituvchining tajribasi, mentorligi va individual yondashuvidir.

AIʼni eng ko‘p ishlatgan emas, eng yaxshi foydalangan muhim.

Texnologiyadan foydalanishning hajmi emas, uning maqsadga muvofiqligi, sifati va natijadorligi ustuvor.

AI bilim manbai bo‘la oladi. Lekin nimani, nima uchun va qanday o‘rganishni — faqat inson belgilaydi.

Ta’limning markazida texnologiya emas, inson, uning tafakkuri va mas’uliyati qolishi kerak.

“Ikki yo‘lak” — baholashning yangi falsafasi."

Taqdimotda yana bir muhim masala — AI davrida baholash tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasi ilgari surildi. “Ikki yo‘lak” modeli bunga amaliy yechim sifatida ko‘rsatildi.

Ochiq yo‘lakda AI’dan foydalanish ruxsat etiladi: loyiha, tahlil, portfolio, tadqiqot taklifi kabi topshiriqlarda talaba nafaqat yakuniy mahsulotni, balki AI bilan qanday ishlaganini, qanday qarorlar qabul qilganini va natijani qanday verifikatsiya qilganini ham ko‘rsatadi.

Yopiq yo‘lakda esa bilim va mustaqil fikrlash bevosita tekshiriladi: auditoriyadagi yozma yoki amaliy topshiriqlar, og‘zaki himoya, 10–15 daqiqalik suhbat-imtihon kabi shakllar qo‘llanadi.

Bu yondashuvning asosiy g‘oyasi — AI’ni taqiqlash emas, undan foydalanish madaniyatini shakllantirish.

AI’dan foydalanishda — imkoniyat bilan birga mas’uliyat. Seminarda AI etikasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Akademik halollik, shaxsiy ma’lumotlar va maxfiylik, AI’dan foydalanishni ochiq ko‘rsatish, mualliflik huquqi hamda yakuniy natija uchun insonning javobgarligi asosiy tamoyillar sifatida qayd etildi.

Shu ma’noda, “AI → mutaxassis → talaba” modeli muhim konseptual yondashuv sifatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, AI ma’lumot va imkoniyatlarni taqdim etadi, mutaxassis esa ularni tekshiradi, tahlil qiladi va pedagogik maqsadga yo‘naltiradi.

Shuningdek, Alisher Abdullayev HEMIS platformasidagi yangilanishlar, yangi funksiyalar va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini taqdim etdi. Bu jarayonlar oliy ta’limda katta hajmdagi ma’lumotlarni tizimlashtirish, boshqaruv qarorlarini tezlashtirish va kelgusida AI uchun sifatli ma’lumotlar bazasini shakllantirish nuqtayi nazaridan ham muhimdir.

Treningda AI bilan bir qatorda oliy ta’limning raqamli infratuzilmasi ham keng muhokama qilindi. Nordikning IT departamenti boshlig‘i Xasan Topilov tomonidan sillabuslarni tayyorlash, professor-o‘qituvchilarning KPI ko‘rsatkichlarini yuritish va monitoring qilishda yangi raqamli platformalardan foydalanish bo‘yicha amaliy trening o‘tkazildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga yangi elektron platforma orqali yuklamalarni shakllantirish va dars soatlarini taqsimlash imkoniyatlarini tushuntirildi.

“Munozara” — AI asosidagi ilmiy tadqiqotlarni tahlil qilish platformasi orqali PhD va DSc izlanuvchilarining ilmiy ishlarini tahlil qilish, ehtimoliy savol va e’tirozlarni shakllantirish hamda dissertatsiya himoyasiga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlarini yoritildi.

Seminar-treningda taʼkidlanganidek, oliy ta’limning raqamli transformatsiyasi faqat platformalarni joriy etish bilan cheklanmaydi. Uning keyingi bosqichi — ma’lumotlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan pedagogik hamda ilmiy maqsadlarda oqilona foydalanadigan yangi akademik madaniyatni shakllantirishdir.

Bugun universitet uchun eng katta ustunlik — AIʼdan ta’lim sifati, ilmiy natijadorlik va inson kapitalini rivojlantirish yo‘lida eng to‘g‘ri va aqlli foydalana olishdir. Nordik jamoasida esa yangi o‘quv yili oldidan ushbu zarur ko‘nikmalar yanada takomillashtirildi.

Foto galereya

6
photo-2026-09-05-16-38-49
Ko‘rib chiqish
photo-2026-09-05-16-38-50-2
Ko‘rib chiqish
photo-2026-09-05-16-38-50-3
Ko‘rib chiqish
photo-2026-09-05-16-38-51
Ko‘rib chiqish
photo-2026-09-05-16-38-50
Ko‘rib chiqish
photo-2026-09-05-16-38-51-4
Ko‘rib chiqish