Xalqaro Nordik universiteti huzurida Rovan universiteti markazi rasmiy ochilishi press-relizi

2025-10-25

2025-yil 25-oktyabr kuni Xalqaro Nordik universiteti huzurida Rovan universiteti markazining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.  

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga oid topshiriqlariga muvofiq tashkil etildi. 

 AQSHning nufuzli Rovan universiteti (Rowan University – https://www.rowan.edu/) bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakillari, AQSH elchixonasi mutasaddilari, Rovan va Nordik universiteti rahbariyati, akademiklar, deputatlar, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Rowan University – AQSHning Nyu-Jersi shtatida joylashgan, muqim innovasion yo‘nalishdagi davlat universiteti bo‘lib, so‘nggi yillarda “Eng tez rivojlanayotgan universitet” sifatida AQSH reytinglarida e’tirof etib kelinmoqda. 

Ochilish marosimida Rovan universiteti prezidenti, xalqaro miqyosdagi olim va islohotchi rahbar doktor Ali Houshmand, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova hamda Nordik rahbariyati tomonidan ramziy lenta kesildi.

Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov anjumanni kirish so‘zi bilan ochib, mazkur markaz nafaqat Nordik universiteti balki yurtimizning xalqaro ta’lim maydonidagi navbatdagi yutug‘i ekanligini e’tirof etdi. Yangi markaz yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yoshlar uchun global ta’lim eshiklarini ochishini ta’kidlab o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu kun oliy ta’lim tizimida tarixiy, faxrli kunlardan biri ekanligi, bu tashabbus, albatta xalqaro standartlarga yanada yaqinlashish, talabalarga global bilimlar maydoniga chiqish imkonini berishini e’tirof etdi.

—  “Xalqaro Nordik universiteti va Rovan universiteti rahbariyati va jamoasiga, loyihani amalga oshirishda faol qatnashgan barcha mutaxassislarga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Ishonchim komilki, Rovan universiteti markazi mamlakatimizda innovasion fikrlovchi, xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. U nafaqat talabalarga, balki butun ta’lim tizimimizga yangi turtki beradi” – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. 

Ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova tomonidan ushbu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidladi. 

“Rovan universiteti va Xalqaro Nordik universiteti o‘rtasidagi hamkorlik bilim, innovatsiya va xalqaro tajriba almashinuvining ramzidir. Biz birgalikda talabalarga global miqyosda raqobatbardosh ta’lim berishni maqsad qilganmiz,” – dedi ochilishda so‘z olgan Ali Hushmand.

Rovan universiteti Prezidenti, doktor Ali Hushmand janoblariga XNU “Faxriy doktori” ilmiy unvoni topshirildi. 

Xalqaro Nordik universiteti Boshqaruv kengashi raisi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev  tomonidan ushbu Rovan universiteti markazi faoliyati o‘zbek va xorijiy talabalar uchun Amerika ta’lim standartlariga mos o‘quv dasturlari, qo‘shma ilmiy loyihalar, talaba va professorlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutishini ma’lum qildi.

Ochilish tadbirida so‘zga chiqqan nufuzli mehmonlar tomonidan Rovan universiteti markazining ochilishi mamlakatimizda xalqaro oliy ta’lim aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish, shuningdek, pedagogik, muhandislik, IT va tibbiyot sohalarida kadrlar tayyorlash tizimini global standartlarga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanishini ta’kidlab o‘tdilar.

Rovan universiteti markazi faoliyati doirasida AQSH va O‘zbekiston o‘qituvchilari ishtirokida qo‘shma o‘quv va tadqiqot dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, qo‘shma bakalavriat, magistratura va malaka oshirish dasturlari samarali amalga oshirilishi, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy-amaliy seminarlar va treninglar o‘tkazilishi, talabalarga masofaviy ta’lim va xalqaro sertifikat dasturlari orqali o‘z malakasini oshirish imkoniyati yaratilishi ham e’tirof etib o‘tildi.

Ishtirokchilar yangi markaz binosi bilan tanishdilar va ikki oliygoh o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Musiqa ohanglari ostida bir piyola choy ustida samimiy suhbatlar qurildi.

Markazning ochilish marosimi ikki davlat o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash bilan bir qatorda, mamlakatimizda xorijiy ta’lim muassasalari bilan strategik sheriklik modelini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu markaz Nordik universiteti negizida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, qo‘shma laboratoriyalar va dual diplom dasturlarini joriy etish uchun poydevor yaratadi.