Navoiyshunoslar forumi press-relizi

2026-02-09

8-fevral kuni Toshkent viloyatining so‘lim maskani — Green Hills Resort manzili yana bir bor ma’naviyat va tafakkur markaziga aylandi. 


Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan xalqaro miqyosdagi “Navoiyshunoslar forumi” yuqori saviyada tashkil etildi.


Xalqaro Nordik universiteti va UzReport TV tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur nufuzli anjuman ilm ahli, adabiyotshunoslar, navoiyshunoslar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va madaniyat arboblarini bir maqsad – Navoiy merosini chuqur anglash va targ‘ib etish yo‘lida jamladi.


Anjuman doirasida o‘tkazilgan ilmiy-badiiy davra suhbatida nafaqat yurtimiz olimlari, Avstriya, Belgiya, Koreya,Turkiya, Eron, Pokiston, Qirg‘iziston va boshqa Yevropa, Sharq, Osiyo mamlakatlari navoiyshunoslari ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Keng qamrovli ochiq fikr almashinuvi Navoiy merosini zamonaviy talqinda qayta o‘rganish imkonini berdi.


Forum nafaqat ilmiy uchrashuv, balki so‘z, tafakkur va ma’naviyat bayramiga aylandi. Unda Navoiy ijodining badiiy-estetik qudrati, turkiy til taraqqiyotidagi tarixiy o‘rni, ma’naviy-ma’rifiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, xalqaro navoiyshunoslik istiqbollari, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ma’murchilik islohotlaridagi o‘ziga xos jihatlari kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Mahalliy va xorijiy mutaxassislar Navoiyni mumtoz shoirgina emas, balki milliy tafakkur me’mori, ma’rifatparvar davlat arbobi va til siyosatining asoschisi sifatida e’tirof etib o‘tdilar. 


Anjumanda qator ibratli takliflar ham ilgari surildi. Jamiyatda navoiyshunos olimlar imijini oshirish, jumladan akademik Aziz Qayumovning yuz yilligini munosib nishonlash, Navoiyga ixlosmandlikni xalq orasida keng yoyish takliflari ilgari surildi va Xalqaro Nordik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi famoat fondi rahbariyati tomonidan maʼqullandi.


Shuningdek, kelgusi navoiyshunoslar avlodini tayyorlash, eng noyob fondlardan Navoiy qo‘lyozmalari, munojot, maktub va vaqfiyalarini to‘plash va ularning fiksimil nashri — aslini o‘qish imkoniyatini kengaytirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xorijiy olimlar uchun ilmiy transkripsiyasini yaratish hamda yig‘ma ilmiy nashrlar chop etish ishlarida birlashishga kelishildi. 


Forumning rasmiy ochilishida Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Sultanbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyey, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti adabiyotshunos olimi Nurboy Jabborov, Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori Olimjon Davlatov, shuningdek, turkiyalik olim Kemal Yavuz Ataman va boshqa xorijiy mehmon-tadqiqotchilarning ma’ruzalari tinglandi.


Ular Navoiy merosining jahon adabiyoti xazinasidagi o‘rni, turkiy so‘zning qudratini dunyoga tanitishdagi xizmatlari hamda komil inson tarbiyasidagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Bahor butun dunyoda mart oyida boshlansa Hazrat Navoiy bobomiz tavalludi munosabati bilan O‘zbekistonda 9-fevralda boshlanishi, bu oy chin maʼnoda maʼnaviy poklanish oyi ekanligi eʼtirof etib o‘tildi. 


Ilm va san’at uyg‘unligi forumning eng yorqin jihati bo‘ldi. Forumda ma’ruzalar bilan birga Navoiyning sara g‘azallari o‘qildi va sharhlandi. Dostonlari badiiy tahlil etildi.


Badiiy kechada taniqli xonanda va el suygan san’atkorlar tomonidan Navoiy g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, mehmonlarga unutilmas zavq ulashdi. Navoiy so‘zlari ohang, sahna va qalblarda yashayotgani yana bir bor namoyon bo‘ldi. 


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Navoiy merosi bugun nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyat sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda. “Navoiyshunoslar forumi”da Hazrat Navoiy bugunimiz va kelajagimiz bunyodkori ham ekanligi, uning hikmatlari va saboqlari hamon millatlarni birlashtirib, qalblarni tarbiyalashi, yoshlarni yuksak maqsadlarga chorlab turishi o‘z isbotini topdi. 


Forum yakunida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, tarjimalar va akademik almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar ilgari surildi. Bu forum Navoiy poydevor qo‘ygan so‘z saltanatining bugungi avlod qalbidagi yangilangan sadosi bo‘ldi.