"Raqamli transformatsiya davrida pedagogik ta’limni rivojlantirish istiqbollari" konferensiyasi press-relizi

2025-10-15

2025-yilning 15–16-oktabr kunlari Xalqaro Nordik universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Raqamli transformatsiya davrida pedagogik ta’limni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjuman ta’lim sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, pedagogik jarayonlarni raqamlashtirish va global tajribani milliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda PQ–289-sonli hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Konferensiyaning maqsadi – raqamli transformatsiya jarayonida pedagogik ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, sun’iy intellekt, innovatsion texnologiyalar, inklyuziv yondashuvlar va barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish yo‘llarini ilmiy asosda tahlil qilishga qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari, ilmiy tadqiqotchilar, amaliyotchi pedagoglar hamda doktorantlar ishtirok etishdi.

Konferensiya ochilishida so‘zga chiqqanlar zamonaviy pedagogik tizimda inson omili bilan raqamli texnologiyalar uyg‘unligi o‘qitish sifatini oshirishning eng muhim omillaridan biri ekanligi, xususan, maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlarda raqamli platformalar, adaptiv ta’lim tizimlari va sun’iy intellekt asosidagi baholash vositalarini joriy etish orqali ta’lim jarayonining shaffofligi va natijadorligini ta’minlash mumkinligini alohida e’tirof etdilar. Konferensiya ishida barcha tadqiqotchilarga muvaffaqiyat tiladilar.

Konferensiya doirasida beshta ilmiy sho‘ba faoliyat yuritdi:

Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot;

➖ Sun’iy intellekt va insoniy munosabatlar transformatsiyasi: shaxsdagi muvaffaqiyatlar va rivojlanish istiqbollari;      

➖ Inklyuziv ta’limdan inklyuziv jamiyat sari: strategiyalar, tajribalar va zamonaviy ta’lim texnologiyalari;

➖ Maktabgacha ta’limda raqamli texnologiyalardan foydalanish: strategik yondashuvlar va innovatsiyalar;

➖ Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar.

Ishtirokchilar raqamli transformatsiya sharoitida o‘qituvchi shaxsining roli, pedagogik kompetensiyalarni rivojlantirishning zamonaviy modellari, shuningdek, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt va raqamli vositalardan samarali foydalanish masalalarini keng muhokama qildilar.

Konferensiya doirasida taqdim etilgan ilmiy maqolalar Google Scholar va xalqaro ilmiy bazalarda indeksatsiyalanadi hamda DOI belgilanadi. Bu esa tadqiqotchilar ilmiy natijalarining global ilmiy hamjamiyatda tan olinishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, Xalqaro Nordik universiteti bilan Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi hamkorlik memorandumlari imzolanishi rejalashtirilmoqda. Mazkur kelishuvlar pedagogik ta’lim sifatini yuksaltirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirishga xizmat qiladi.Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan qator tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan, pedagogik ta’limda raqamli savodxonlikni oshirish bo‘yicha o‘qituvchilarni qayta tayyorlash tizimini kuchaytirish, ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishning me’yorlarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini zamonaviy mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish, inklyuziv ta’limni raqamli infratuzilma orqali qo‘llab-quvvatlash, ta’limda xalqaro tajribalarni tizimli o‘rganish va milliy amaliyotga moslashtirish shular jumlasidan.

Xalqaro Nordik universiteti o‘z faoliyatida ta’limda raqamli yechimlarni joriy etish, ijodkorlik va innovatsion fikrlashni rag‘batlantirish, hamda pedagogik kadrlar tayyorlashda xalqaro standartlarga asoslanishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur konferensiya bu boradagi strategik tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tadbir yakunida ilmiy-amaliy ishlanmalar asosida tuzilgan maqolalar to‘plami elektron shaklda e’lon qilinib, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.