“TasIMO-2026” – Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi final bosqichi press-relizi
Intellekt maydonidagi katta bellashuv – “TasIMO–2026” finalida O‘zbekistonning ta’lim natijalari namoyon bo‘ldi.
Bugun dunyo miqyosida mamlakatlar raqobatbardoshligi, avvalo, inson kapitali, intellektual salohiyat va ta’lim sifati bilan baholanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda keyingi yillarda aniq fanlarni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, STEM-ta’limni ommalashtirish va xalqaro olimpiadalar harakatini kengaytirish davlat ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtidorli yoshlarni kashf etishda fan olimpiadalari eng samarali mexanizmlardan biri. Bu musobaqalar nafaqat bilimni sinaydi – o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash, tahlil qilish va ijodiy yondashuvni shakllantiradi.
Shunday loyihalardan biri – TasIMO – Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi Xalqaro Nordik universiteti va IDC ta’lim markazi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un tarzda ta’lim sohasidagi islohotlarga hissa qo‘shayotgan, “O‘zbekiston 2030” strategiyasida belgilangan yangi maqsad va rejalarni amalga oshirishda professor-olimlar, pedagoglar, yosh matematik olimlar va bilimdonlar o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etayotgan loyihadir. Bu olimpiada – o‘quvchi-yoshlarni mustaqil fikrlash, chuqur mantiqiy tahlil qilish va global raqobat maydonida munosib o‘rin egallashga tayyorlaydigan strategik platforma hamdir.
Joriy yilning 19–21 may kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Green Hills Resort” tog‘-kurort majmuasida mazkur nufuzli xalqaro olimpiadaning final bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur finalni nafaqat iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasidagi bellashuv, balki O‘zbekistonning xalqaro ta’lim makonidagi ochiqlik siyosati, akademik integratsiyasi va intellektual diplomatiyasining amaliy ko‘rinishi sifatida ham baholash mumkin.
Bu yilgi finalda O‘zbekistonning 14 ta hududidan saralab olingan 134 nafar iqtidorli yosh matematiklar hamda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Bolgariya va boshqa davlatlardan kelgan 202 nafar ishtirokchi jamlandi. Olimpiada xalqaro ta’lim platformasiga aylanib, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida intellektual hamkorlik muhiti shakllantirildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, YUNISEF, AQSHning Rowan University hamda Finlyandiyaning Karelia University kabi xalqaro tashkilot va oliy ta’lim muassasalari hamkorligida amalga oshirildi. Bosh homiy — ATB “Asia Alliance Bank”.
Axborot hamkorlari — UzReport TV, “Xalq so‘zi” va “Народное слово” gazetalari. Bunday keng qamrovli hamkorlik mamlakatimizda ta’lim sohasida davlat, xususiy sektor va xalqaro institutlar o‘rtasidagi integratsiya tobora mustahkamlanayotgani ifodasi ham bo‘ldi.
TasIMO dasturi uch kunlik keng qamrovli intellektual festival sifatida tuzilib, yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash, iqtidorli o‘quvchilarni erta aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni shakllantirish, ularda nafaqat matematik bilim, balki tahliliy fikrlash, strategik qaror qabul qilish, tezkor mushohada yuritish kabi muhim kompetensiyalarini shakllantirish maqsadlariga ahamiyat qaratildi.
18 may kuni mahalliy va xorijiy ishtirokchilar Toshkent shahrida kutib olinib, maxsus transportlar orqali “Green Hills Resort” majmuasiga olib kelindi va joylashtirildi.
19 may kuni olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov, YUNISEF vakillari, ATB “Asia Alliance Bank”, UzReport TV, IDC ta’lim markazi rahbarlari, xorijiy mehmonlar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda yoshlarga zamonaviy ta’lim tendensiyalari, xalqaro akademik imkoniyatlar, innovatsion iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Final bosqichiga qadar yetib kelgan barcha bilimdonlarga hal qiluvchi musobaqalarda zafarlar tilandi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar sinflar kesimida auditoriyalarga joylashtirildi va olimpiada jarayonlari boshlandi. 3–9-sinf o‘quvchilari uchun 90 daqiqalik, 10–11-sinflar uchun esa 4,5 soatlik murakkab matematik bellashuvlar tashkil etildi. Masalalar ishtirokchilarning mantiqiy fikrlashi, algoritmik yondashuvi va tahliliy qobiliyatini sinovdan o‘tkazishga qaratildi.
Shaffoflik va xalqaro standartlar asosiy mezon bo‘ldi. Olimpiada jarayonlarida adolat, ochiqlik va shaffoflikka alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar natijalari olimpiada yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinib, apellyatsiya komissiyasi kechki soatlargacha faoliyat yuritdi. Bu esa ishtirokchilar, ustozlar va ota-onalar o‘rtasida ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Olimpiada maqsad faqat natija emas, balki shaxs tarbiyasi ham. “TasIMO–2026”ning eng muhim jihatlaridan biri – ishtirokchilar uchun faqat akademik bellashuv tashkillabgina qolmay, balki ijtimoiy va shaxsiy rivojlanish muhiti ham yaratildi. Olimpiada doirasida misollar tahlili, apellyatsiya jarayonlari, intellektual muloqotlar va interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bu yoshlarga o‘z xatolarini tahlil qilish, mustaqil xulosa chiqarish va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish imkonini berdi.
Shuningdek, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, konsert va shou dasturlari, varrak uchirish, arqon tortish, jamoaviy bellashuvlar, tabiat bag‘rida sayr, “Pizza Party” va “Kalmar o‘yinlari” formatidagi interaktiv dasturlar ishtirokchilarda liderlik, jamoada ishlash va kommunikatsiya kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Zero, bugungi zamonaviy ta’lim tizimida yuqori natija bilan bir qatorda emotsional intellekt, ijtimoiy moslashuv va global fikrlash ham muhim mezon sifatida qaralmoqda. “TasIMO” esa aynan shu yondashuvni amalda namoyon etayotgan ilg‘or ta’lim loyihalaridan biri sifatida e’tirofga loyiq bo‘ldi. Olimpiada O‘zbekistonning intellektual brendiga aylanayotgan maydon hamdir.
Gʻoliblarni taqdirlash jarayonlarida vazirliklar, Fanlar akademiyasi, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, TasIMO xalqaro intellektual maydoni O‘zbekistonning global ta’lim reytinglaridagi o‘rnini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning “inson kapitali” salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Eng muhimi, olimpiada yoshlarga ilm-fan orqali katta orzular sari intilish, dunyo bilan raqobat qilish va intellektual taraqqiyot orqali mamlakat kelajagini qurish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi. TasIMO orqali hududlar o‘rtasidagi tafovutlar qisqartirilib, har bir iqtidorli bolaga teng imkoniyat yaratishga ahamiyat qaratildi. Mazkur olimpiadada eng chekka qishloqdagi o‘quvchi ham o‘z salohiyatini namoyon etib, xalqaro maydonga chiqish imkoniga ega bo‘ldi.