Elchi Oybek Shaxavdinov ishtirokidagi uchrashuv press-relizi
Nordik talabalari diplomatik tajribalar bilan tanishdilar.
Xalqaro Nordik universitetida O‘zbekiston Respublikasining Vengriya, Xorvatiya va Serbiya davlatlaridagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Shaxavdinov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xalqaro Nordik universiteti rahbariyati hamda elchi janoblari o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi. Unda Yevropa davlatlari, xususan, Vengriya, Xorvatiya va Serbiya bilan ilm-fan, ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Nordik talabalari uchun ularning dunyoqarashi va global savodxonligi hamda faolligini oshirishga xizmat qiladigan ilmiy-tahliliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Respublikamiz elchisining “O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlari hamda bu jarayonda Vengriya, Sloveniya va Xorvatiyaning o‘rni” mavzusida qiziqarli va amaliy mazmundagi ma’ruzasi tinglandi.
O‘zbekiston – Yevropa ittifoqi hamkorligining bugungi bosqichi, Markaziy Yevropa davlatlarining O‘zbekiston uchun strategik ahamiyati, ta’lim, diplomatiya va investitsiyaviy imkoniyatlar xususida keng ma’lumotlar berildi. Talabalar uchun Yevropada o‘qish va amaliyot dasturlari kabi tahlil va faktlarga boy jihatlarga ahamiyat qaratildi.
Ishtirokchi-yoshlar elchi bilan ochiq muloqotda bo‘lib, savol-javob va amaliy maslahatlar olish imkoniga ega bo‘ldilar. Uchrashuv orqali yoshlarda global fikr yuritish, diplomatik tafakkur va madaniyatni shakllantirishga e’tibor berildi.
Diplomatik faoliyat va ilmiy salohiyat e’tirofga loyiq uyg‘unlikdir. Uchrashuv davomida rahbariyat tomonidan elchi Oybek Shaxavdinovning Xalqaro Nordik universitetida xalqaro ta’lim hamkorliklarini yo‘lga qo‘yishdagi faol ishtiroki, ta’lim tadqiqotlarini takomillashtirish, xalqaro universitet sifatida shakllanish va rivojlanish jarayoniga qo‘shgan muhim hissalari alohida e’tirof etildi.
O‘zbekistonning xalqaro diplomatiya makonidagi nufuzli elchilardan biri bo‘lgan Oybek Shaxavdinovga Xalqaro Nordik universiteti “Faxriy professor”i ilmiy unvoni topshirildi. Tashkiliy, diplomatik hamkorlikni mustahkamlash, Yevropa oliy ta’lim makoniga integratsiya bo‘yicha amalga oshirgan tashabbuslari yuqori qadrlanib, ushbu faxriy unvon berilayotgani ta’kidlandi. Ushbu unvonning taqdim etilishi universitetning xalqaro ekspertlar va diplomatlar bilan hamkorlik asosida ilm almashish, ilmiy izlanishlar doirasini kengaytirish siyosatining yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.
Elchi janoblari Nordik "Dil izhorlari" kitobiga ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.