Yangiliklar
Nordikda Navro‘z ayyomi muhtasham qadriyatlarimizga hamohang nishonlandi

March 21 , 2025
127
Bugun Xalqaro Nordik universitetida sharqona yangi yil – Navro‘z umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z” ezgu shiori ostida keng nishonlandi.
Tabiat uyg‘onib, yasharish va yangilanish shukuhi, ko‘klam nafasi kezayotgan tarovatli damlarda universitet hududi bahoriy bezaklar bilan milliyligimizga xos bezatildi. Nordik jamoasi nafis ayyomni o‘zbekona kiyimlarda, o‘zaro birdamlikda mehmondo‘stlik ruhi bilan kutib oldilar.
“Uzbekistan Trek-2025” dasturi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Garvard universiteti magistratura mutaxassisliklari talabalari va ilmiy tadqiqotchilari jamoa tomonidan munosib kutib olindi.
Nordik universiteti rahbariyati anjuman qatnashchilari va Garvard universitetidan tashrif buyurgan mehmonlarni bayram bilan tabrikladilar, samimiy tilaklarini bildirdilar.
"Nordik taronasi" ansambli aʼzolari va o‘qituvchilar - “European stars” xalqaro tanlovi g‘olibi Charos Ahmedova, “Nihol” mukofoti sovrindori, “Ovoz” xalqaro musiqiy shousining iqtidorli ishtirokchisi, mohir xonanda, maqom ijrochisi Zarnigor Umarova hamda boshqa sohir ovoz sohiblari anjuman qatnashchilarini o‘z san’atlaridan bahramand etdilar. Iste’dodli xonandalarning ijrolarini mehmonlar ham sevib tingladilar va dildan o'ynab-kuldilar.
Navro‘zning o‘lmas ruhi, umumbashariy va boqiy qadriyatlaridan nurafshon bayramda turli mamlakatlar vakillari bo‘lgan xorijiy mehmonlar universitet hududi bo‘ylab saylga taklif etildi. Yurtimizning turli voha va viloyatlariga xos milliy noz-ne’matlar, bahoriy taomlar bilan bezatilgan dasturxonlar, xalq amaliy san’ati, hunarmandchilik buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmalari katta qiziqish hamda hayrat bilan tomosha qilindi.
Qozonlar to‘ladigan, qut-baraka tantana qiladigan Navro‘z kunida zamonlar osha bezavol yashab kelayotgan “qozon to‘la” udumi namoyish etildi. Kecha-kunduz qaynab pishgan sumalak ochildi va suzildi. Somsalar yopilib, tandirlar boshida mehmonlarga issiq holda uzilib, taqdim etildi. O‘zbekona palov damlanib, mehmonlarga tortiq qilindi.
Bayram davomida mehmonlar ishtirokida milliy o‘yinlar tashkil etildi. Arqon tortish, besh tosh va boshqa o‘yinlarda qiziqish bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, xotin-qizlar o‘sma va xina qo‘yish udumlarini o‘tkazdilar. Tinch, musaffo osmon bo‘ylab varraklar uchirildi.
Garvard universitetidan tashrif buyurgan mehmonlar ajoyib bayram va mehmondo‘stlik uchun Nordik universitetiga o‘z tabrik hamda minnatdorchiliklarini izhor etdilar. Ularga yurtimizni eslatuvchi sovg‘a sifatida milliy liboslar taqdim qilindi.
Turli millat vakillari bo‘lgan nufuzli delegatsiya a’zolari o‘zbekona urf-odat va an’analarimizni ko‘rib, milliy o‘yinlarimiz, udumlarimizda bevosita ishtirok etib, Navro‘z ayyomining bahoriy yuksak kayfiyatda nishonlanishiga guvoh bo‘ldilar. Mehmonlar o‘zlarining unutilmas taassurotlarini Nordik “Dil izhorlari” kitobiga yozib qoldirdilar.















So'nggi yangiliklar

Savdo san’ati: kelajagingiz uchun investitsiya!
Ushbu kitobda:
• Xalqaro va mahalliy savdo
• Xaridorga qiymat yaratish texnikalari
• Real keyslar, testlar va amaliy topshiriqlar
• Raqamli savdo va masofaviy muzokaralar
• Tadbirkorlar va talabalarga zarur maslahatlar mavjud.
Darslikda qayd etilgan bilimlar muvaffaqiyatli kelishuvlar uchun asos bo‘la oladi. Talabalar, tadbirkorlar, o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarga o‘qish tavsiya etiladi (mualliflar - Gulchehra Xusanova, Usmonjon Habibjonov).
Savdoni o‘rganing va kelajagingizga sarmoya kiriting!

30 davlatdan 10 000+ ishtirokchi - Bank&Business Expo 2025 da
Forum dunyoning 30 mamlakatidan 10 000 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan yetakchi banklar, FinTech kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar vakillarini, oliy taʼlim muassasalarining raqamli biznes yechimlari sohasidagi olimlari va mutaxassislarini o‘zida jamladi.
Jumladan, Nordik universiteti yosh olimlari ham anjumanda ishtirok etdilar. Ularning forum panel muhokamasida bugungi kundagi moliya va innovatsiya yo‘nalishlarida yangilik va o‘zgarishlar haqidagi chiqishlari tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi.
Yirik moliyaviy tadbir raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni bank infratuzilmasiga integratsiya qilish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarini modernizatsiya qilish kabi ko‘plab mavzularni qamrab oldi.
Banks & Business Expo 2025 mintaqa va dunyoning moliyaviy va biznes hamjamiyatlari ishtirokchilari o‘rtasida biznes aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish va strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun noyob imkoniyatlar taqdim etdi.

Nordikdan AQShgacha — bilim, bayram va birdamlik!
Amerikada zo‘r yangilik: O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Nordik universiteti hamkorligida Navro‘z Lourens universitetida katta bayramga aylandi! O‘zbekistonlik talabalarimiz o‘zbekona urf-odatlarni faxr bilan namoyish etishdi, turli millat vakillarini bir sahnada birlashtirishdi.
"Xalq so‘zi" gazetasi universitet rektori Sherzod Mustafakulov muallifligidagi "Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim va mas'uliyatli qadamlar" maqolasi orqali bu voqeani o‘z sahifalariga olib chiqdi .
Bugungi son — albatta o‘qishga arziydi!

Zakovat maydonida – magistrantlar
G‘oliblar bilan faxrlanamiz!
🥇 "Marvel" jamoasi (Xorijiy til va adabiyoti)
🥈 "Justice League" jamoasi (Xorijiy til va adabiyoti)
🥉 "Maestro" jamoasi (Musiqa ta’limi va san’at).
O‘yinning har bir daqiqasi sinov, har bir to‘g‘ri javob g‘alaba sari qadam bo‘ldi. Qizg‘in o‘yin, topqirlik, tezkorlik va hamjihatlik uchun barcha ishtirokchi jamoalarga minnatdorchilik bildiramiz!