"O‘zbekiston-Estoniya xalqaro biznes forumi" press-relizi
Joriy yilning 14-mart kuni Estoniya ishbilarmon delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Xalqaro Nordik universitetida Estoniya tashqi ishlar vazirligi va Estoniya savdo-sanoat palatasi ko‘magida "O‘zbekiston-Estoniya xalqaro biznes forumi" o‘tkazildi.
Biznes forumda ikki davlat vazirlik va idoralari, yetakchi eston kompaniyalari, xususan, "Elvarem OÜ CNC", "Good Staff Solution OÜ", "Numero Advertising OÜ", "PROisolatsioon OÜ", "Osaühing Renecta Properties", "URETEK Baltic OÜ", "Betafish OÜ", "AS Morrision Invest" va "Creafin Forward OÜ" kabi kompaniyalar direktorlari va mutaxassislari, shuningdek respublikamizning biznes va tadbirkorlik vakillari ishtirok etdilar.
Forumning ochilish tadbirida bu nufuzli anjumandan kutilayotgan maqsad yetakchi eston kompaniyalari bilan mahalliy biznes vakillarining B2B uchrashuvlarini tashkil etish, bu raqamli xorijiy davlatning biznes tajribalarini keng o‘rganish, o‘zaro hamkorlik shartnomalarini imzolash va kelajakda istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishdan iborat ekanligini e'tirof etdilar.
Forumda rasmiy doiralar, biznes va ishbilarmon vakillar tomonidan savdo-iqtisodiy, import-eksport va moliyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi. Har ikki mamlakat kompaniyalarining iqtisodiy munosabatlarini kengaytirish masalalarida so‘z bordi. Hamkorlikda xorijiy tajribalar va texnologiyalarga asoslangan qo‘shma savdo ob'yektlarini yaratish, iqtisodiy sohalarda yuqori malakali kadrlar almashish va yosh kadrlar uchun amaliyotni tashkil etish kabi qator yo‘nalishlarda kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Biznes forumda delegatlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlari, takliflari tinglandi. "URETEK Baltic OÜ" geotexnik muhandislik kompaniyasi boshqaruv kengashi a'zosi Roman Reiner-Latõšev ilg‘or tajribalarini yetkazdi. Tuzilma va infratuzilmalar uchun tejamkor yechimlar yaratish, potensial hamkorlar bilan mahalliy geotexnika bo‘limini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
"PROisolatsioon OÜ" izolyatsiya va qurilish materiallari va loyihalar sotishga ixtisoslashgan kompaniya asoschisi va bosh direktori Alar Kalmus o‘z faoliyati misolida barqaror eston yechimlari bo‘yicha taqdimotni amalga oshirdi. O‘zbekistonda ushbu tizimga olib kirishi mumkin bo‘lgan yangi texnologiyalar xususida ma'lumotlar berdi.
Estoniyaning "Osaühing Renecta Properties" kompaniyasi boshqaruv kengashi a'zosi Maksim Abeikov o‘g‘ir sanoat tovarlari, yuklar savdosi va Estoniya portlari orqali yuklar tashish, import va eksportga ko‘maklashish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etdi. "Numero Advertising OÜ" ixtisoslashgan reklama agentligi bosh direktori Vladimir Pomukchinskiy o‘z taqdimotida Yevropa va Osiyo bozorlari o‘rtasida hamkorlarni bog‘lovchi, brendlar strategiyalari uchun PR va raqamli monetizatsiya masalalariga to‘xtaldi.
Shuningdek, "Creafin Forward OÜ" vakili forum ishtirokchilarining e'tiborini Yevropa va MDH davlatlari o‘rtasida yuqori sifatli avtomobil transporti, Yevropa va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bo‘ylab import va eksport zanjiri ta'minoti yechimlari bilan bog‘liq xizmatlarga qaratdi.
Biznes forum doirasidagi B2B uchrashuvlarida Estoniya davlatining elektron biznes reestri rasmiy portali - "Good Staff Solution OÜ" direktori Vadym Rakitin Estoniyada ro‘yxatdan o‘tgan barcha yuridik shaxslarning ma'lumotlarini yagona muhitda birlashtiruvchi portal haqida ma'lumotlar berdi. O‘zbekistonlik ish beruvchilar bilan hamkorlikka tayyorligini ma'lum qildi. Portal orqali elektron tadbirkorlik reestrida tez va qulay tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
"Elvarem OÜ" bosh direktori Nikita Soroka mashinasozlik, metall konstruksiyalar va mexanik ishlov berish xizmatlarini taklif etdi. Har ikki davlat ishbilarmon doiralari istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlikka kelishdilar.
Biznes forumda ilgari surilgan mavzular, takliflar doirasida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Forum eston ishbilarmon doira vakillarining mamlakatimizda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qildi. Xorijiy mehmonlar mamlakatimizdagi soliq va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va imkoniyatlari bilan qiziqdilar va ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.
Xalqaro Nordik universiteti O‘zbekiston-Estoniya o‘rtasida xalqaro hamkorlik, tajribalar almashish, qizg‘in muhokama va xulosalar, kelishuvlar uchun platforma vazifasini o‘tadi.