"Ma’rifat ulashib" tadbiri press-relizi

2024-12-13


"Ma’naviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha mustahkam bo‘ladi" 

                                                    Shavkat Mirziyoyev 

 

Joriy yilning 13-dekabr kuni Xalqaro Nordik universitetining ma’rifatchilar guruhi yoshlar bilan muloqot qilish uchun yo‘l oldilar. Xususan, "Ma’rifat ulashib" loyihasi doirasida XNU kafedralari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari: Raxmon Qo’chqor, Sitora Shomurodova, musiqa ta’limi bo’yicha ekspert, pedogogika fanlari doktori, professor Qurbonniyoz Panjiyev va boshqa bir qator ma’naviyatchilar Sirdaryo viloyatining Boyovut tumaniga tashrif buyurdilar. 


Tashrifdan ko‘zda tutilgan maqsad, o‘quvchilar bilan suhbat uyushtirish, yurtimizdagi yoshlar siyosati va ta’limga oid islohotlardan xabardorlik darajasini oshirish, ularning badiiy savodxonligini yuksaltirish, ijodkorlik va faollikka undash, kitob mutolaasiga chorlash, muhimi yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashdir.


Tumandagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif davomida ta’lim muassasasi kutubxonasida Xalqaro Nordik universiteti burchagi ochildi. Universitet tomonidan tuhfa etilgan o‘quv jihozlari va kitoblar topshirildi.


Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari, maktab rahbariyati va o‘quvchilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda XNU Akademik ishlar bo‘yicha prorektori M.Amonboyev o‘quvchilarni yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, universitet faoliyati va ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirdi. U o‘z ma’ruzasida ta’limda ma’rifatning o‘rniga keng to‘xtaldi. 


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim Raxmon Qo’chqor, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sitora Shomurodova o‘quvchi-yoshlar bilan adabiy suhbat qurdi. U o‘z ma’ruzasida adabiyot namoyandalari va kitobxonlik madaniyatiga e’tibor qaratdi. She’riyatning komil inson konsepsiyasida tutgan o‘rnidan kelib chiqib, o‘quvchi-yoshlarning mutolaa va ijodkorlikka qiziqishlarini oshirdi. 


Uchrashuvda “Nordik taronasi” ansambli ijodkorlari kuy-qo‘shiqlari orqali estetik zavq ulashdilar. Ular o‘zlarining badiiy chiqishlari bilan davraga fayz bag‘ishladilar.