Karl Gustaf Mannergeym fotosuratlari ko‘rgazmasi press-relizi
Joriy yilning 29 noyabr kuni Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va Xalqaro Nordik universiteti hamkorligida “Osiyo bo‘ylab – Gʻarbdan Sharqqa 1906-1908 yillar, Karl Gustaf Mannergeym fotosuratlari" ko‘rgazmasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Buyuk fin sayyohi, davlat va jamoat arbobi Karl Gustav Emil Mannergeym ko‘rgazmasining ochilishida Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Raisanen, finlyandiyalik yuqori martabali mehmonlar, diplomatik korpus va hukumatimiz vakillari ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Raisanen Mannergeym Finlyandiya uchun muhim yetakchi ekanligini e’tirof etib, bu ko‘rgazma Markaziy Osiyo va Xitoyda 1906-1908 yillarda yashagan insonlar va ularning hayotiga keng nazar tashlash imkonini berishini ta’kidladi.
Ko‘rgazma kuratori Peter Sandberg ishtirokchilarni noyob fotosuratlar bilan tanishtirib, har biri bilan bog‘liq voqealarni batafsil bayon qildi. Mannergeymni suratga olish, madaniyatlarni qog‘ozlarga muhrlab, kolleksiya yaratishda ko‘rinmas qahramon bo‘lganligini e’tirof etib o‘tdi.
Ko‘rgazma kamera yordamida olingan oq-qora fotosuratlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ular Mannergeym tomonidan 1906-1908 yillarda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Osiyo orqali Turkistondan Pekinga otda sayohat qilingan davrda olingan. Ko‘rgazma qatnashchilari mahalliy aholining hozirgi vaqtda sezilarli darajada yo‘qolgan yoki o‘zgargan madaniyati va kundalik hayotini o‘zida aks ettirgan ushbu fotosuratlarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Zero, ushbu fotosuratlar kundalik mashaqqatli mehnatdan tortib bayramlargacha bo‘lgan 100 yil avvalgi hayotni aks ettiradi.
Xalqaro Nordik universitetida “Osiyo bo‘ylab – Gʻarbdan Sharqqa” ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilar uchun 2025-yilning 2-fevraliga qadar ochiq bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, 1906-yilda 38 yoshli polkovnik Karl Gustav Emil Mannergeym Rossiya armiyasi Bosh shtabi Boshqarmasining topshirig‘iga ko‘ra, Turkistondan Pekinga Xitoy orqali harbiy-geografik ekspedisiyani amalga oshirishga kirishdi. Ekspedisiyaning vazifasi, ayniqsa chegaradosh viloyatlardagi dolzarb siyosiy va harbiy ma’lumotlarni yig‘ishdan iborat bo‘lgan. U Sankt-Peterburgdan poyezdda Bokuga va u yerdan Kaspiy dengizini kesib o‘tib, o‘zining asosiy manzillariga yo‘l oldi.
O‘zini tadqiqotchi sifatida tanishtirgan Mannergeym dastlab mashhur fransuz kinologi Pol Pellio bilan sayohat qilgan, ammo keyin ularning yo‘llari ajralgan. U ikki yildan ortiq vaqt davomida kichik jamoasi bilan asosan otlarda 14 000 kilometrdan ziyod yo‘l bosib, ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan.
Mannergeymning ekspedisiyasi faqat razvedka vazifasini emas, balki ilmiy maqsadlarni ham o‘z ichiga olgan. U arxeologik va etnografik artefaktlar, qadimgi qo‘lyozmalar to‘plagan hamda o‘sha davr va madaniyatlar haqida noyob tasavvur beradigan suratlarni tasvirga olgan. Bu tasvirlarda Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari hamda ularning turmush tarzi yozib olingan, natijada yo‘qolib borayotgan madaniyatlar kelajak avlodlar tanishishi uchun saqlab qolingan.
Mannergeymning tadqiqotchi sifatida ko‘p qirraliligi uning portret va hujjatli suratlarida, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu tasvirlarda odamlar va ularning madaniyatlariga hurmat, diqqat bilan yondashuv aks etgan. Uning bu suratlari avvaliga harbiy hisobotlari soyasida qolgan bo‘lsa-da, o‘n yillar o‘tib yuqori baholangan va 2000 yillar boshidan turli shaharlarda ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
Fotosuratlarning ba’zilarida tog‘ yo‘llari, daryolar va yo‘llar tasvirlanib, harbiy-strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Biroq aksariyat rasmlar etnografik tadqiqot doirasida olingan. Ularda uyg‘ur, qalmiq, torg‘ut, yugur, qirg‘iz va tangutlar hayoti va madaniyati aks etgan. Mannergeymning fotoarxivi bir asrdan ortiq vaqt davomida o‘zgarib yoki yo‘qolib ketgan dunyo haqidagi noyob hujjatdir.
Fotograf sifatida Mannergeym, ayniqsa portretlar yaratishda muvaffaqiyatga erishgan. Kamerani birinchi marta ko‘rayotgan insonlar bilan ishlashda ham u ishonchli munosabat o‘rnatib, tabiiy va jonli kadrlarni yarata olgan. Portretlardan tashqari, uning ishida reportaj fotosuratlari ham muhim o‘rin egallaydi. U cho‘ldagi poygalar, dafn marosimlari, ko‘cha sahnalari, ustaxonalar, bayramlar va kundalik hayotni hujjatlashtirgan. Uning uslubi zamonaviylik kasb etib, voqealarga aralashmasdan kuzatuvchi sifatida ish olib borgan. Fotosuratlar O‘rta Osiyo xalqlarining bundan yuz yil avvalgi hayoti va turmush tarzi haqida hikoya qiladi va tarix va madaniyatni o‘rganish uchun noyob material hisoblanadi.