II O‘zbekiston – Finlandiya biznes forumi press-relizi
Joriy yilning 21-yanvar kuni Xalqaro Nordik universiteti tomonidan II "O‘zbekiston-Finlandiya xalqaro biznes-forumi"ning “Zamonaviy va innovatsion qurilish texnologiyalari” mavzusidagi xalqaro anjumani tashkil etildi.
Finlandiyaning “Peikko”, “Kone”, “AINS Group”, “Elematic” va “East office” yirik kompaniyalari hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro forumda ikki davlat vazirlik va idoralari, dunyoning yetakchi fin kompaniyalari, 50 ta mahalliy kompaniyalar rahbarlari va mutaxassislari hamda OAVlar vakillari ishtirok etdilar.
Xalqaro Nordik universitetida ushbu forumning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy Konsuli, Nordik universiteti Kuzatuv kengashi raisi Alisher Jo‘rayev forumning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Forum doirasida Finlandiya kompaniyalarining eng zamonaviy qurilish texnologiyalari, innovasion ishlanmalari, asbob-uskunlari hamda qurilish konsepsiyalari namoyish etilishini ma’lum qildi.
Finlandiyaning Markaziy Osiyodagi favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Raisanen forumda yetakchi fin kompaniyalari va mahalliy biznes vakillarining B2B, B2G uchrashuvlari tashkil etilishi o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolash va kelajakda istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Finlandiyaning eng katta aksiyadorlik jamoalarini o‘z ichiga olgan “East office” kompaniyasi ijrochi direktori Janne Harjunpaa forum ishida barcha delegatlarga muvaffaqiyat tiladi.
Biznes-forumda delegatlar tomonidan ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlar namoyish etildi. “Peikko”, “Kone”, “AINS Group”, “Elematic” va “East office” kompaniyalarining innovasion yechimlari, tajribalari, tadqiqot va biznes loyihalari, maqsadlari va O‘zbekistonda tizimlarga olib kirilishi mumkin bo‘lgan yangi texnologiyalari bilan tanishildi.
Forumda biznes va ishbilarmon doiralar tomonidan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekiston - Finlyandiya kompaniyalarining iqtisodiy munosabatlarini kengaytirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan qo‘shma ishlab chiqarish va savdo ob’yektlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, iqtisodiy sohalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning amaliyotlarini tashkil etish kabi qator yo‘nalishlarda kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari mavjudligi ma’lum qilindi.
B2B, B2G formatdagi uchrashuvlarda har tomonlama manfaatli hamkorlik borasida muzokaralar olib borildi. Ishbilarmon doiralar bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi va kelajakda istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi.
Ma’lumot uchun: 2022-yil Xalqaro Nordik universiteti va “Saipro Group” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonda ilk bor birinchi "O‘zbekiston-Finlyandiya xalqaro biznes-forumi" o‘tkazilgan. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, dunyoning yetakchi fin kompaniyalari, xususan, Nokia, Reka Sables, FinnPartnership, Honka, Kone, Suokone kabi 30 dan ortiq kompaniya rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etgan.