Adabiy anjuman press-relizi

2024-12-17

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rahmon Qo‘chqor bilan uchrashuv

PRESS-RELIZI

 

Joriy yilning 16-dekabr kuni Xalqaro Nordik universitetida ezgulik, axloqiy g‘oyalar targ‘ibotiga asoslangan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida navbatdagi adabiy uchrashuv o‘tkazildi.


Adabiyotshunos, “Shuhrat” medali, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi, “Iste’dod qadri”, “Men bilan munozara qilsangiz”, “Qarz berilgan nur” asarlari va eng yaxshi adabiy ko‘rsatuv - “Hayrat”ning muallifi  Rahmon Qo‘chqor uchrashuv mehmoni bo‘ldi. 


Respublikamizning eng yirik ma’naviyat targ‘ibotchilaridan biri bo‘lgan taniqli olim anjumanda talaba-yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, mutolaa madaniyatini oshirishga e’tibor qaratdi.


Rahmon Qo‘chqor badiiy ijod va jurnalistikaga ishtiyoqi baland talabalar bilan muloqot qilib, zamondosh ijodkorlarning yangi kitoblari, adabiy evrilishlar va xalq tafakkuri haqidagi boy mulohazalarini yoshlarga yetkazdi. Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasidagi faoliyat yillariga to‘xtalib, yoshlar ta’lim-tarbiyasini oqsoqlikdan olib chiqish, rivojlantirish jarayonlaridagi sa’y-harakatlari borasida so‘zladi. 


Uchrashuvda ijtimoiy hayot shaklimiz, axloq normalari va madaniy merosimizga keng nazar solindi. Talabalar xalqimiz, millatimizni hurmatlash, o‘z vazifalarini halol bajarish va birlashishga undaldi. Shuningdek, olim o‘z nutqida o‘zbek she’riyatidagi istiqlol, erkin ruh, millatni yaxlit qilib, birlashtiradigan va kelajak sari yol ko‘rsatuvchi adabiyot xususida keng to‘xtaldi.


Rahmon Qo‘chqor Nordik talabalariga kitob mutolaasiga yanada yaqinlashtiruvchi omillarni sanab o‘tdi. Zero, ılmli yoshlargina mamlakat taraqqiyotining kafolatidir.


Anjuman davomida Nordik “Talabalar teatr studiyasi” a’zolari yangi spektakl - “Qadam” (ssenariy muallifi va rejissyorlar - Shodiyor Niyatqobilov, Laziz Rustamov) sahna asarini mahorat bilan ijro etdilar. Spektakl tomoshabinlarni giyohvandlik illatining asoratlari, bugun qo‘yilayotgan har bir qadam ertaga, albatta yaxshi yoki salbiy natijasini ko‘rsatishi va vaqt ne’matini qadrlash borasida chuqur mulohazalarga undadi.