Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya press-relizi
Xalqaro Nordik universitetida joriy yilning 22-noyabr kuni “Raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, YUNISEFning O‘zbekistondagi ta’lim vakillari, Finlyandiyaning Karelia amaliy fanlar universiteti rahbariyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari, fan va jamoat arboblari, 50 ga yaqin xalqaro va respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining 150 nafarga yaqin olim va mutaxassislari ishtirok etdilar.
Ilmiy-amaliy konferensiyani Xalqaro Nordik universitetining rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulov kirish so‘zi bilan ochdi. Bugungi kunda ta’lim sifati va yetishtirilayotgan kadrlarning har jihatdan raqobatga tayyor bo‘lishini ta’minlash, o‘quv mashg‘ulotlari sifatini uzviy oshirib borish, mustaqil ta’limning shakli va mazmunini mukammal tashkil qilish, ta’lim metodikalarini zamon talabi asosida tubdan takomillashtirib borishda xorijiy tajribalar bilan tanishib, milliy tajribalarga yangilik kiritish, mehnat bozorini har jihatdan to‘g‘ri tahlil qilish asosida strategik reja va maqsadlarni yangilab borish ustuvor maqsad va vazifalardan ekanligini e’tirof etdi. Shu ma’noda, ushbu konferensiya ilmiy ahamiyatga ega qimmatli ma’lumotlar almashishda qo‘l kelishini ta’kidladi.
Anjumanda Karelia amaliy fanlar universiteti rektori Petri Raivo ishtirokchilarni Finlyandiyada ta’lim va tadbirkorlik integratsiyasi borasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishtirdi.
Konferensiyada so‘z olganlar oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda pedagogik oliy ta’lim muassasalarida mavjud muammolarga to‘xtaldilar va qator takliflarni ilgari surdilar.
Xalqaro konferensiya doirasida 3 ta shoʻbada dolzarb 6 ta mavzu keng tahlil va tadqiq etildi. Ta’lim sifatini ta’minlashda ilg‘or xorijiy metodikalar, inklyuziv ta’limning zarurati, tendensiya va istiqbollar muhokama qilindi. 2-shoʻba mutaxassislik fanlarini o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalari, sohada mustaqil ta’limni tashkil etishning ilmiy-innovatsion yechimlari bo‘yicha o‘zaro tajribalar almashish va bu boradagi bilimlar yuksalishida muhim planforma vazifasini o‘tadi. Shuningdek, iqtisodiyot sohalarida mutaxassislar tayyorlashning ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining ahamiyati, taraqqiyot omili bo‘lgan iqtisodiyot va ta’lim uzviyligi, bu borada uchrayotgan muammolar hamda ularning yechimlari xususida qizg‘in ilmiy bahs-munozaralar o‘tkazildi. Yangi ilmiy dalillar tahlili asosida yangidan-yangi xulosalar olindi.
Shoʻba raislarining hisobotlari tinglandi. Faol ishtirokchilarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ma’ruzalar orqali fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish borasida keng ma’lumotlar olinib, o‘zaro bilim hamda fikr almashildi. Soha faollarining ta’lim rivojini yanada jadallashtirish, dolzarb muammolarni o‘rganish va istiqbolli maqsadlarni ilgari surishdagi faoliyatlari muvofiqlashdi.
Konferensiya to‘plamiga yurtimiz oliy ta’lim muassasalarining 500 nafardan ortiq olimlari va 50 nafarga yaqin xorijiy tadqiqotchilari ilmiy maqola va tezislar taqdim etdilar. Anjuman doirasida nashr etilgan maqola va tezislardan dunyoning turli nuqtalaridagi tadqiqotchilarning erkin foydalanishiga imkon yaratildi. Ya’ni, “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda maqolalarga DOI olindi. Polshaning Indeks Copernikus, Evropaning “Zenodo va Open Aire, Rossiyaning Cyberlinenka, Angliyaning EuroPub xalqaro ilmiy bazalariga joylashtirildi. “Google akademiya” xalqaro ilmiy qidiruv tizimida indekslandi.