"Finlandiya ta'lim kechasi" press-relizi

2023-02-21

2023-yilning 21-fevral kuni Xalqaro Nordik universitetining Kareliya konferensiya zalida “Finlyandiya ta’lim kechasi” o‘tkazildi.


Anjuman O‘zbekiston va Finlyandiya mamlakatlari o‘rtasida kelgusida ta’lim va biznes sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, qo‘shma ilmiy va akademik loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarda ishtirok etish, ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi.  


Kechaga Finlyandiyadan 50 nafar nufuzli mehmonlar, xususan, Finlyandiya Respublikasi Taraqqiyot bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Villi Skinarri hamda Finlyandiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Raysenyan, Kareliya amaliy fanlar universiteti Prezidenti Petri Rayvo, yirik fin kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar. 

 

Nufuzli mehmonlar ehtirom bilan kutib olindilar. 


Anjumanda Finlyandiya Respublikasi Taraqqiyot bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Villi Skinarri, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi direktori Samo Saytsalo, Kareliya amaliy fanlar universiteti Prezidenti Petri Rayvo so‘zga chiqib, poydevori mustahkam va sifat samaradorligi jihatidan yetakchilikka erishgan fin ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari, eng ilg‘or tajribalari va bu zamonaviy modellarning yurtimizda sohaga tatbiq etishning ahamiyatiga keng to‘xtaldilar.   


Kechada universitetning yaqin strategik hamkorlariga “Faxriy doktor” ilmiy unvonini topshirish marosimi o‘tkazildi. Xalqaro Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulov Finlyandiya Hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Villi Skinarri hamda Finlyandiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Raysenyanga tantanali tarzda universitetning “Faxriy doktori” ilmiy unvonini topshirdi.


 Shundan so‘ng Xalqaro Nordik universiteti va Kareliya amaliy fanlar universiteti o‘rtasida tuzilgan bitim imzolab olindi.


 Shuningdek, XNU rahbariyati va UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.


 Anjuman davomida kelajakda istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish maqsadida o‘zaro manfaatli loyihalar, takliflar ilgari surildi.


Samimiy ruhda o‘tgan “Finlyandiya ta’lim kechasi” yakunida mehmonlar universitetning dil izhorlari kitobiga o‘zlarining fikr-mulohazalari va iliq tilaklarini yozib qoldirdilar.